Rais nutqi

Rais nutqi

Spiker: Bahodir Umirshayxov

Assalomu alaykum aziz mehmonlar, hurmatli tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda uzog’-u yaqindan kelgan barcha mehmonlar!

O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi ochilish marosimi hamda uning doirasida tashkil etilayotgan press-konferensiya dasturiga xush kelibsizlar!           

Barchamizga ma’lum, hozirgi paytda jahon bozoridagi talablardan kelib chiqqan holda eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu ishni amalga oshirish uchun oziq-ovqat sanoati bo’yicha xalqaro standartlarni o’rganish va faoliyatga tatbiq etish talablari tadbirkorlar hamda agromutaxassislar gardaniga qo’yilgan dolzarb vazifa bo’lib qolmoqda.

   Statistik ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatimizda yiliga oʻrtacha 16 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, 1,5 million tonnaga yaqin goʻsht, 10 million tonnaga yaqin sut ishlab chiqarilmoqda. Biroq ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi oʻrtacha 15-20 foizni tashkil qilmoqda. Bu o’z-o’zidan respublikada  agrologistika tizimi yaxshi rivojlanmaganligi va mazkur yo’nalishda tizimli ishlarning amalga oshirilishi lozimligini tasdiqlaydi. Qolaversa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va saralash xizmatlari talab darajasida emasligi yetishtirilgan hosilning kamida 30 foizdan ziyodining isrof boʻlishiga olib kelmoqda. Ba’zan yetishtirilgan mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishda ham katta muammolar chiqib qolishini odamni abgor holga soladi. Bir gap bilan aytadigan bo’lsak, respublikamiz oziq-ovqat sanoati sohasida muammolar yetarlicha.

Mazkur kamchiliklarga o’rinli yechim topib, ularni bartaraf etishga yordam berish, yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojlarni qondirish, iste’mol tovarlarining ommaviy tarzda ishlab chiqarilish samaradorligi va sohadagi mehnat unumdorligini oshirish, Ozbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil                           9-sentabrdagi PQ 4821-sonli qarorining amaliyotga tadbiq etilishiga ko‘maklashish hamda eksport-import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni mazkur qarorning ijrosini taʼminlashga kengroq jalb etish maqsadida 2020-yil 29-oktabr kuni Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasi  tashkil etildi.

Aziz mehmonlar, keling, dastlab uyushmaning tarixiga to’xtalib o’tsam:

Uyushma o`z faoliyatini 2018-yil Qandolatchilik sanoati uyushmasi sifatida boshlagan. Uning tarkibida 200 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari qamrab olingan. “Qandolatchilikni rivojlantirish uyushmasi” o’z a’zolariga ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy bozorlarga olib chiqish, HALOL, GlobalGap kabi bir qancha xalqaro sertifikatlarni qo’lga kiritish, qandolatchilik faoliyatini yurituvchi tadbirkorlarga chetdan kerakli texnik asbob-uskunalarni keltirish va hamkorlar topishda ko’maklashgan. Mazkur sohada faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq ishbilarmon doira vakillariga ish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni hal qilishda yordam bergan. Shuni alohida ta’kidlab o’tish lozimki,  2019-yil “Qandolatchilikni rivojlantirish uyushmasi” aʼzolari tomonidan mamlakatimizga     50 million AQSH dollaridan ortiq miqdordagi kapital investitsiyalar jalb qilingan.

Bir narsani alohida qayd etib o’tishni zarur, deb hisoblayman. Qandolatchilik uyushmasi tashkil etilishida “Mavis”, “Crember”, “Zebiniso ona”, “Sladus” hamda “Taste food” tashkilotlari faol ishtirok etishgan. Uyushmaga asos solinishida esa mana shu davrada o’tirgan “O’zbekiston Eksportchilari” uyushmasi raisi Muxtor aka Umarovning o’rinlari beqiyos. O’zlari barcha tashkiliy ishlarga o’zlari bosh-qosh bo’lganlar. Ularga uyushmamiz jamoasi nomidan o’z samimiy minnatdorchiligimizni bildirib o’tamiz.

Keyinchalik qandolatchilik sohasidan boshqa oziq-ovqat yo’nalishlari bo’yicha ham “Qandolatchilikni rivojlantirish” uyushmasiga ko’plab murojaatlar  kelib tushganligi sababli va oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlariga kattaroq masshtabda yaqindan yordam berish maqsadida O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi tashkil etildi.

Ayni paytda uyushmaga rasmiy ro’yxatdan o’tgan a’zolar soni 50 tani tashkil etadi. Biroq uyushma jami 5450 dan tadbirkorlik subyektlarini o’z ichiga qamrab oladi.

O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi o’z oldiga eng avvalo, Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarini birlashtirishni maqsad qilib qo’ygan. Bunda bir maqsadli va bir muammoli tadbirkolarni bir-biri bilan uchrashtirish, faoliyatida yechim topilishi dolzarb bo’lib turgan tadbirkorlarga tayanch bo’lish ko’zda tutilgan.

Uyushmaning yana bir maqsadi mamlakatimiz tadbirkorlik sektori faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Mazkur yo’nalishda mahalliy ishlab chiqaruvchi va mahsulot yetishtiruvchilarga xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o’rnatish, ularning huquqiy va iqtisodiy havfsizligi hamda manfaatlarini himoya qilish, oziq-ovqat sanoati sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning malakalarini oshirish, sohaga yosh mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, yo’nalishga doir yangi innovatsion texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlarni amalda tadbiq etish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasining o’z oldiga qo’ygan bir qancha ustuvor vazifalari ham mavjud. Ulardan sirasiga mahsulotlarning xavfsizlik standartlariga muvofiqligini taʼminlash, xalqaro  xavfsizlik standartlariga javob beradigan mahsulotlarni ishlab chiqarish jaroyonlarini tadbirkorlarga o’rgatish, ishlab chiqaruvchilarni xalqaro va mahalliy sertifikat hamda hujjatlarni olishga tayyorlash, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini yaratishga ko’maklashish, import jarayonini takomillashtirish orqali oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojni neytrallashtirish, narx-navolarning sun’iy tarzda keskin o’zgarishini oldini olish kabilar kiradi.

Uyushma tashkil etilganidan buyon shu kunga qadar tadbirkorlardan 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. (1-may holatiga ko’ra)

Ulardan,

  • yuridik xizmatlar ya’ni qonuniy himoya bo’yicha kelib tushgan arizalar – 5%;
  • umumiy xizmatlar va moliyaviy ko’mak bo’yicha murojaatlar — 15%;
  • marketing va reklama xizmatlari, xorijiy platformalarda e’lon berish bo’yicha murojaatlar – 10%;
  • standartlashtirish va sertifikatlash xizmatlari bo’yicha murojaatlar – 20%;
  • eksport xizmatlari ya’ni mahsulotni eksportga yo’naltirish bo’yicha murojaatlar — 35%;
  • bojxona xizmatlari: bojxona va yuklarni tashish masalalari bo’yicha murojaatlar – 15% ni tashkil etadi.

Endi esa qisqacha uyushmadagi ish jarayoni bilan tanishtirib o’taman:

  • Uyushmaga dastlab, tadbirkorlik subyektlaridan ariza va murojaatlar kelib tushadi;
  • So’ngra, murojaatlarning asl sabab va maqsadi o’rganib chiqiladi;
  • Masala tahlil etib chiqilganidan so’ng, uni hal qilish uchun tegishli tashkilotga murojaat qilinadi;
  • Bu vaqt orasida uyushma xodimlari murojaat yo’llagan shaxs yoki tashkilot bilan doimiy aloqada bo’lib turadi;
  • Murojaatchiga masalaga yechim bo’luvchi barcha keys va yechimlar taqdim etilib, uning ishi samarali tarzda hal bo’lishiga yordamlashiladi.

Bilasizmi, Azizlar!

Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, ishlab chiqarish va qayta ishlashda bir qancha o’z yechimiz topmay kelayotgan masalalar bor. Bularga misol sifatida,

  • Oziq-ovqat sanoati sohasida sifatli mahsulotlarning yetishmasligi;
  • Tadbirkorlar orasidagi ish jarayonlarida zarur bo’ladigan ko`nikma hamda malakalarning tanqisligi;
  • Qo`shimcha qiymat zanjirini yaratmasdan ish boshlash va faoliyatni davom ettira olmaslik;
  • Xalqaro bozorlarga chiqishda turli to`siqlarning yuzaga kelishi;
  • Korxonalarda moddiy-texnik bazaning takomillashtirilmaganligi;
  • Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan xom-ashyo narxlarining balandligi;
  • Korxonalarda huquqiy va moliyaviy masalalarning mavjudligi;
  • Eksport qilish uchun kerakli bo’lgan sertifikatlarni olish yo’llarini bilmaslik kabi masalalarni keltirishimiz mumkin.

Sohada mavjud kamchilik va masalalarni chuqur tahlil etgan holda O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi bir qancha ishlarni amalga oshirdi. Jumladan,

  • Uyushma a’zolari hisoblangan tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tovar belgilarini qalbakilashtirgan korxonalar aniqlandi va mazkur masala bo’yicha tashkilotlar o’rtasida biznes kelishuvlarni amalga oshirish orqali kelishmovchilik ijobiy hal qilindi;
  • Qandolatchilik fabrikalarida ishlatilishi zarur bo’lgan xomashyo mahsulotlarining narxini pasaytirgan holda ushbu yo’nalishda ishlab chiqarilgan mahsulotlar tannarxi ozaytirilib, eksport hajmini oshirish maqsadida Malayziyadan hamkor topilib, shartnomalar tuzildi;
  • Muzqaymoq mahsulotlari eksportining yaroqlilik muddati Oziq-ovqat sanoati uyushmasi ko’magida 2 oydan 1 yilga uzaytirildi;
  • Sut va sut mahsulotlari, shakar hamda qandolat mahsulotlarining qonuniy-normativ hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etilib, uyushma tomonidan takliflar berildi;
  • Uyushma a’zolari uchun Amerikaga mahsulotlarni eksport qilishda zarur bo’lgan FDA sertifikati hamda mahsulotlar eksportini Yevropaga oshirishda muhim sanalgan CHDPP raqamlarini olib berishda ko’maklashildi;
  • Tadbirkorlarga turli kredit olishlarida yordamlashildi;
  • Go`sht va go`sht mahsulotlari eksportiga qo`yilgan ta`qiqlarini olib tashlashda Oziq-ovqat sanoati uyushmasi xodimlari tashabbuskor bo’lib, jarayonda faol ishtirok etishdi;
  • 7 tadan oshiq xalqaro ko’rgazmada mahalliy tadbirkorlarning ishtirok etishi ta’minlandi;
  • Shakardan aksiz solig’ini olib tashlash ishlarida uyushma xodimlari faol ishtirok etdi;
  • Tadbirkorga investitsiya mablag’larini qo’lga kiritishda yordam berildi;
  • Eng asosiysi, 3000 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari samarali faoliyat yuritish maqsadida bir nuqtada jamlanishdi.

Shu o’rinda, uyushma tomonidan o’z a’zolariga ko’rsatiladigan xizmatlar haqida ham ma’lumot berib ketmoqchiman. Demak, O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi xizmatlari quyidagilardan iborat:

  • Yuridik masalalarda tadbirkorlarda yordam ko`rsatish;
    • Korxonalarning moliyaviy ahvolini o`rganish, buxgalteriya, audit ishlari;
    • Korxonalar ish jarayonini standartlashtirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga sertifikatlar olishda ko`maklashish;
    • Eksportdagi o’z yechimi topa olmayotgan masalalarda yordam berish;
    • Import masalalarida yo`l-yo`riq ko`rsatish;
    • Biznes treninglar, malaka oshirish kurslari, biznes diagnostikasini tashkil etish;
    • Bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam berish;
    • Yangi loyihalar, grantlarni e`lon qilish va boshqa muammolarni hal qilishda ko`maklashish.

O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi tomonidan bir qator xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda:

  • “Mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv markazlari va labaratoriyalar tashkil etish” loyihasi;
  • “Oziq –ovqat sanoati raqamli analitik markazi”;
  • “Dual ta`lim tizimi rivojlantirish” loyihasi.

Shuningdek, quyidagi loyihalarni amalga oshirish ustida hozirda ishlar qizg’in tarzda ketmoqda:

  • “O’zbekistonda Atlantik Losos balig’ini yetishtirish” loyihasi;
  • “Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar shaharchasi” loyihasi;
  • “Aqlli datchik” loyihasi;
  • “Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini tomorqada yetishtirish” loyihasi;
  • “Mobil qushxona yaratish” loyihasi;
  • “Universal  mobil qayta ishlash sexini ommalashtirish” loyihasi;
  • “Xalqaro akkreditatsiyaga ega oziq-ovqat mahsulotlari laboratoriyasi” loyihasi;
  •  “Yosh mutaxassislarni tayyorlash” loyihasi.

Yuqorida ta’kidlangan loyihalarning tavsifi haqida batafsil bilmoqchi bo’lsangiz, press-konferensiyaning savol-javob qismida to’liq ma’lumotlar berib o’tiladi.

O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi bugungi kunda         

  • Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati;
  • Hindiston savdo-sanoat palatalari;
  • Delovaya Rossiya tashkiloti;
  • Xalqaro Islom biznes assotsiatsiyasi;
  • Rossiya federatsiyasining eng yirik Lenta gipermarketlar tarmog’i;
  • Ulyanovsk va Yugra;
  • Mir Torgovli;
  • REGRAND kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek,
  • O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis SENATi;
  • O’zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi;
  • O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o’simlik karantini davlat inspeksiyasi;
  • O’zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati;
  • Davlat bojxona qo’mitasi;
  • Eksportni ragbatlantirish agentligi;
  • O’zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi;
  • “O’zbekiston Eksportchilari” uyushmasi;
  • “O’zbekiston Biznesni Rivojlantirish uyushmasi;
  •  AgroPromBirja;
  • O’zbekiston Respublikasi Tovar-xomashyo birjasi;
  • KAPITALBANK;
  •  AGROBANK;
  •  ASAKABANK;
  •  ALOQABANK;
  • O’zbekiston Kimyo-texnologiyalar universiteti;
  • Turin Politexnika Instituti;
  • O’zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo’mitasi
  • O’zbekiston Asalarichilar uyushmasi kabi bir qator mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Hurmatli mehmonlar,

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil                           29-iyulda “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qaror imzolangan edi. Unga asosan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha 174 ta, oziq-ovqat sohasida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish borasida 24 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mavjud samarasiz bogʻlar oʻrnida             36 ming gektar intensiv bogʻlar barpo qilinishi rejalashtirilgandi. Uyushmaning tashkil etilishi yuqoridagi qarorning amaliyotda keng va samarali tatbiq qilinishiga ma’lum ma’noda yetakchi kuch bo’la oladi, desak adashmaymiz! Va uyushmamiz xodimlari bu borada samarali mehnat faoliyatini yuritib kelishayotganligini alohida faxr bilan ta’kidlab o’tamiz!

Azizlar,

Barchangizga press konferensiyaga kelganingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildirgan holda o’z so’zimni yakunlayman! Va har biringizga sihat-salomatlik, ishlaringizga omad hamda muvaffaqiyatlar tilab qolaman!

E’tiboringiz uchun rahmat!

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Iste'mol savatchasi: Mandarin USD 1.35 ~ 1/KG; Limon USD 0.85 ~ 2.14/KG; Avokado USD 0.99 ~ 4.14/KG; Mango USD 0.78 ~ 5.50/KG; Banan USD 0.42 ~ 1.11/KG

Translate »