Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda qishloq xo’jaligi ma’lumotlari bazasining ahamiyati

Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda qishloq xo’jaligi ma’lumotlari bazasining ahamiyati

Spiker: Dilshod Abduvohidov

Avvalambor assalomu alaykum aziz mehmonlar, xonimlar va janoblar, hurmatli tadbir tashkilotchilari!
O’z nutqimni boshlashdan avval ushbu yig’inga taklif etishgani uchun tashkilotchilarga o’z minnatdotchiligimni bildirib o’tmoqchiman.
Barchangizni mamlakatimizning nafaqat maishiy-ijtimoiy, balki siyosiy-iqtisodiy hayotining rivojida aktual soha hisoblangan qishloq xo’jaligini taraqqiy toptirishga qaratilgan muhim tashabbus — «Assalom, Agro» loyiha taqdimotida ko’rib turganimdan juda ham mamnunman! O’ylaymanki, mazkur loyiha nafaqat soha, balki unda faoliyat yuritayotgan shaxslarning ham ish jarayonidagi og’irini yengil qilishda ko’p yillar davomida asqotadi.
Shu fursatdan foydalanib, bugun men «Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishda qishloq xo’jaligi mahsulotlari bazasining ahamiyati» mavzusida o’z fikrimni bildirib o’tmoqchiman! Bilamizki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mazkur sohani rivojlantirishning eng asosiy omili hisoblanadi.
Yodingizda bo’lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2020-yil 14-aprel kuni qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi o’tkazilgan edi. Yig‘ilishda meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobar oshirish masalasi qo‘yilgandi. Va ushbu maqsadga erishishda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tuman, 86 ta klaster va 125 ta kooperativ bu borada yetakchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlangandi.
Uchrashuvda qo’yilgan vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirish maqsadida bir qancha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangandi. Jumladan,
-Meva-sabzavotchilikni rivojlantirish — 136 ming gektarda hosil berayotgan maydonlar, 63 ming gektardagi yangi bog‘ va tokzorlarning har qator oralari, shuningdek, 600 ming gektar takroriy ekin maydonlaridan samarali foydalanishni taqozo etishini hisobga olgan holda, 2-3 marta hosil olishni yo‘lga qo‘yish barobarida foydalanishdan chiqqan, 124 ming gektar yerni to‘liq va 155 ming gektar lalmi yerni suv chiqarish orqali o‘zlashtirish rejalashtirilgan;
-Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi jamg‘armalariga 300 mlrd. so‘m ajratilgan;
Urug‘liklar ta’minotida uzilishlar bo‘lmasligi uchun ular importini markazlashgan holda tashkil etish zarurligi hamda har yili mamlakatimizga 300 ming tonnaga yaqin kartoshka, shuningdek, 10-15 ming tonna urug‘lik kartoshka chet eldan olib kelinishini hisobga olgan holda, Qo‘rg‘ontepa, Baxmal, Zomin, Shahrisabz, Kitob, Yangiqo‘rg‘on, Bulung‘ur, ` Bo‘stonliq tumanlari urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilishi belgilangandi.
O‘g‘it bilan ta’minlash masalasi mavjudligi inobatga olingan tarzda, «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati zimmasiga ikki hafta ichida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanda o‘g‘it do‘konlari tashkil etish vazifasi yuklatilgandi. Bundan tashqari, meva-sabzavot va issiqxona yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyaviy institutlarning 700 million dollar kredit liniyalarini jalb qilish va tijorat banklarining to‘xtatilayotgan loyihalar hisobidan bo‘shagan mablag‘larini qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirish vazifasi qo‘yilib, meva-sabzavotni eksport qiluvchilarga ham imtiyozlar berilishi, xususan, ularning avtotransportda yuk tashish xarajatining 50 foizi Eksportga ko‘maklashish jamg‘arasi hisobidan qoplanishi, buning uchun jamg‘armaga qo‘shimcha 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangandi.

Mazkur qarorlar mamlakatimizni modernizatsiyalash sharoitida oziq-ovqat sanoati va Qishloq xo’jaligini isloh qilish, fermer xo’jaliklariga biriktirilgan yer uchastkalarini optimallashtirishda muhim ahamiyatga ega bo’ldi, desak adashmaymiz. Ammo yuqorida ta’kidlangan ishlar ijrosini amaliyotda to’liq realizatsiya qilishda bir qancha masalalar yuzaga keldi.
Statistik ma’lumotlarga ko’ra, mamlakatimizda yiliga oʻrtacha 16 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, 1,5 million tonnaga yaqin goʻsht, 10 million tonnaga yaqin sut ishlab chiqarilmoqda. Biroq ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi oʻrtacha 15-20 foizni tashkil qilmoqda. Bu o’z-o’zidan respublikada agrologistika tizimi yaxshi rivojlanmaganligi va mazkur yo’nalishda tizimli ishlarning amalga oshirilishi lozimligini tasdiqlaydi. Qolaversa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va saralash xizmatlari talab darajasida emasligi yetishtirilgan hosilning kamida 30 foizdan ziyodining isrof boʻlishiga olib kelmoqda. Ushbu vaziyatdagi asosiy va aktual masalalardan biri qishloq xo’jaligi sohasiga doir ma’lumotlar almashinuv va to’planuvining yagona bazasi yo’qligida bo’ldi, desam adashmayman. Qishloq xo’jaligining boshlang’ich negizida faoliyat yurituvchi shaxslar: dehqonlar, bog’bonlar va fermerlardir. Ularga o‘simliklarni sifatli yetishtirish uchun foydali vositalar, urug‘ va ko‘chatlarni qanday qilib to‘g‘ri tanlash mumkinligi, xaridor bilan oldindan to‘lov borasida qanday qilib kelishib olish lozimligi, o‘simliklar himoyasi uchun zarur vositalarni qayerdan topish mumkinligi haqidagi ma’lumotlar doimo qiziq va kerakli bo’lib kelgan. Aynan shunday ma’lumotlarni yetkazib turuvchi yagona bir platforma bo’lmagan. Oziq-ovqat sanoati sohasida ham, qishloq xo’jaligi sohasida ham ma’lumotlar bazasining qay darajada muhim ahamiyatga ega ekanligini yuqoridagi so’zlarimiz yaqqol tasdiqlab turibdi. “Assalom, Agro» — fermerlar bilan xorijiy va mahalliy iste’molchilarni birlashtiruvchi savdo platformasining yaratilishi masalaga yaxshigina yechim bo’ldi. Xalqaro talablarga mos keladigan toza va sifatli bogʻlar haqida ma’lumotlarni aholiga ulashish, mahsulotni saralash va qadoqlash, kalibrlash, kutilayotgan ob-havoni oldindan bilish va hosilni saqlab qolish chora-tadbirlariga tayyorlanish maqsadida ishga tushirilgan «Assalom agro» platformasi jamoasini bugungi tantana bilan qutlayman! Va kelajakdagi faoliyatlariga zafarlar tilab qolaman!

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Iste'mol savatchasi: Mandarin USD 1.35 ~ 1/KG; Limon USD 0.85 ~ 2.14/KG; Avokado USD 0.99 ~ 4.14/KG; Mango USD 0.78 ~ 5.50/KG; Banan USD 0.42 ~ 1.11/KG

Translate »