Месяц: Декабрь 2020

2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi

Qadrli xalq noiblari!

Aziz yurtdoshlar!

Barchangizga maʼlumki, kirib kelayotgan 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Albatta, bu tarixiy sanani siz azizlar va butun xalqimiz bilan birgalikda, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilamiz.

Bugun kelgusi yil uchun reja va dasturlarimizni aniq belgilab olar ekanmiz, mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yana-da mustahkamlab, eng muhim va ustuvor sohalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz, albatta.

Taʼkidlash kerakki, pandemiya barchamizga tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini, tez yordam xizmati, sanitariya-epidemiologiya tizimini tubdan isloh qilish muhim hayotiy zarurat ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan “pandemiyaning navbatdagi to‘lqini” va u bilan bog‘liq xavf-xatarlar hammamizni yana-da hushyor va ogoh bo‘lishga undamoqda.

Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy hazratlarining “Tiriklik hikmatini sog‘liqda, deb bilgin”, degan chuqur maʼnoli so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi bugun qayta-qayta isbotlamoqda.

Shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz zarur.

Bunda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish – eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi lozim.

Umuman, har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Shu sababli biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yana-da oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz.

Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak.

Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib, xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.

Shu maqsadda, “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, yosh avlodga bog‘cha, maktab va oliygohda sifatli taʼlim-tarbiya berishni yo‘lga qo‘yamiz, ular jismoniy va maʼnaviy sog‘lom, vatanparvar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.

Uchinchidan, o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Manba: www.president.uz

Iste'mol savatchasi: Mandarin USD 1.35 ~ 1/KG; Limon USD 0.85 ~ 2.14/KG; Avokado USD 0.99 ~ 4.14/KG; Mango USD 0.78 ~ 5.50/KG; Banan USD 0.42 ~ 1.11/KG

Translate »