Рубрика:Press-reliz

Ochilish marosimi

O’zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi

Press-reliz

“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi

    Har qanday mamlakatda iqtisodiyotning muhim sektori bo‘lgan, davlat hayotidagi barcha sohalarning eng aktual bo‘laklaridan biri hisoblangan oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini tayyorlash va eksportini ko‘paytirish borasida davlat dasturi doirasida bugungi kunda ko‘plab masalalarni hal qilishga kirishilgan. Jumladan, hozirda jahon bozoridagi talablardan kelib chiqqan holda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bu ishni amalga oshirish uchun oziq-ovqat sanoati bo‘yicha xalqaro standartlarni o‘rganish va faoliyatga tatbiq etish talablari tadbirkorlar hamda agromutaxassislar gardaniga qo‘yilgan dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

   Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda yiliga o‘rtacha 16 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, 1,5 million tonnaga yaqin go‘sht, 10 million tonnaga yaqin sut ishlab chiqarilmoqda. Biroq ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi o‘rtacha 15-20 foizni tashkil qilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan respublikada  agrologistika tizimi yaxshi rivojlanmaganligi va mazkur yo‘nalishda tizimli ishlarning amalga oshirilishi lozimligini tasdiqlaydi. Qolaversa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va saralash xizmatlari talab darajasida emasligi yetishtirilgan hosilning kamida 30 foizga yaqinining isrof bo‘lishiga olib kelmoqda. Ba’zan yetishtirilgan mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishda ham katta muammolar chiqib qolayotganligi odamni abgor holga soladi. Bir gap bilan aytadigan bo‘lsak, respublikamiz oziq-ovqat sanoati sohasida muammolar yetarlicha.

Mazkur kamchiliklarga orinli yechim topib, bartaraf etishga komakashish, yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bolgan ehtiyojlarni qondirish, iste’mol tovarlarining ommaviy tarzda ishlab chiqarilish samaradorligi va sohadagi mehnat unumdorligini oshirish maqsadida 2020-yil 29-oktabr kuni Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasi  tashkil etilgan.

    Joriy yilning 26-may kuni “Hyatt Regency” Tashkent mehmonxonasida tashkilotning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Davlat karantin qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekiston Eksportchilari” uyushmasi vakillari,  15 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari hamda 20 dan ziyod ommaviy axborot vositalari xodimlari: jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Dastlab, Ozbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasi rahbari Bahodir Umirshayxov sozga chiqib, tashkilot maqsad-vazifalari, otgan 7 oy davomida amalga oshirgan ishlari haqida taqdimot qildi:

  • Uyushma zamonaviy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi to‘laqonli mexanizatsiyalashga hamda mahalliy miqyosda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlarini chetga eksport qilishga ko‘maklashadi. Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati uyushmasining asosiy vazifasi oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish sektorlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy tadbirkorlarning xorijiy investorlar bilan shartnomalar tuzishiga ko‘maklashish, qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, mamlakat oziq-ovqat mahsulotlarining chet davlatlarga katta masshtabdagi ekportini amalga oshirilishini ta’minlashga yordam berish hisoblanadi.

E’tiborli jihati, uyushma oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini amalga oshiruvchi korxona hamda tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtirgan. Bu oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga bozordagi real vaziyatni hisobga olgan holda ishlab chiqarish hajmlarini mustaqil belgilash, eksportni ko‘paytirish va xorijda milliy brendlarni ilgari surishga ko‘proq erkinlik beradi.

Taqdimotdan so‘ng, “O’zbekiston Eksportchilari” uyushmasi rahbari Muxtor Umarov so‘zga chiqib, qaytadan tashkil etilgan Oziq-ovqat sanoati uyushmasining mamlakatimiz eksport salohiyati uchun qay darajada muhim ahamiyatga ega ekanligi, iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish yo‘nalishda qilinadigan ishlar ko’‘ami haqida nutq so’zladi:

  •  Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ilmiy jihatdan tasdiqlangan me’yorlar bo‘yicha yetarli miqdorda va assortimentda tayyorlanishi hamda iste’mol tovarlari sifatining aholi salomatligi uchun xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlash, salbiy holatlarda zarur bo‘lgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini yaratish va saqlash, hududlaridagi oziq-ovqat mahsulotlarining rivojlangan sanoati, shuningdek,  aholini oziq-ovqat bilan ta‘minlashning eng yuqori darajasiga erishib, eksport salohiyatini oshirish Oziq-ovqat sanoati uyushmasining ustuvor vazifalaridan biridir, — dedi.

Tadbir so‘nggida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida uyushma rahbariyati bilan savol-javob o‘tkazildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 29-iyuldagi “Qishloq xojaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boyicha qoshimcha chora-tadbirlar togrisida” qaror imzolangan edi. Unga asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 174 va oziq-ovqat sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish borasida 24 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mavjud samarasiz bog‘lar o‘rnida 36 ming gektar intensiv bog‘lar tashkil etilishi rejalashtirilgandi. Uyushmaning tashkil etilishi yuqorida qarorning amaliyotda keng va samarali tatbiq etilishiga ma‘lum ma‘noda yetakchi kuch bo‘la oladi, desak adashmaymiz!

Oʻzbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi

Matbuot xizmati

Iste'mol savatchasi: Mandarin USD 1.35 ~ 1/KG; Limon USD 0.85 ~ 2.14/KG; Avokado USD 0.99 ~ 4.14/KG; Mango USD 0.78 ~ 5.50/KG; Banan USD 0.42 ~ 1.11/KG

Translate »